«Juda qayg'uda va iztirobdaman. Bu nuqsonimdan xabardor yaqinlarim va tanishlarim orasida bosh ko'tara olmayman…»

0

Kunlarning birida bir kishi mahalla domlasining oldiga o'zini qiynayotgan savol bilan boribdi. Domlaning uyi yoniga borib, eshigini taqillatibdi. Ichkaridan domlaning: «Kim?» – degan ovozi eshitilibdi. Shunda kelgan odam: «Domla, men falonchiman», – debdi. Domla eshikni ochib: «E, keling, marhamat!» – deb ko'rishibdi va ichkariga taklif qilib, dasturxon yozibdi. Domla kelgan mehmonning xomush kayfiyatda ekanligini sezibdi-yu, ammo xijolat qilmay deb, u yoq-bu yoqdan bir oz suhbat quribdi.

Kelgan mehmon mungli ohangda: «Domla, sizdan bir narsani so'ramoqchi edim. Mening hech kimga ayta olmaydigan bir tug'ma nuqsonim bor. Buni jarrohlik yo'liga ko'ra davolatishga ko'p urindim, ammo imkoniyatim bo'lmadi… Men juda qayg'u va iztirobdaman. Bu nuqsonimdan xabardor yaqinlarim va tanishlarim orasida bosh ko'tara olmayman. Ular buni yuzimga solib, masxara qiladilar. Oxirgi vaqtlarda hayotdan to'yib ketdim. Ba'zan o'zimni o'ldirgim keladi. Nima qilay, domla?.. Nima, Alloh meni shunchalik yomon ko'radimi?» – debdi. Shunda domla u kishiga: «Unday demang, Alloh bandasiga mehribon Zot. U hech qachon bandasiga yomonlikni ravo ko'rmaydi. Buning isboti sifatida men sizga Xizr alayhissalom bilan bo'lgan bir voqeani aytib beraman. Diqqat bilan eshiting va o'zingiz xulosa qiling.

Bir kuni Xizr alayhissalom hovuz yonidan o'tayotsalar, bir qancha bolalar hovuzda cho'milishayotgan ekan. Hovuzning bir chetida ko'zlari ojiz bir bolakay turgan ekan. Xizr alayhissalom haligi bolaga achinib, Allohdan bolaning ko'z nurini qaytarib berishini iltijo qilib so'rabdi. Alloh bolaga ko'rish ne'matini nasib qilibdi. Bola o'zida yo'q xursand bo'libdi…

Kunlar o'tib, Xizr alayhissalom yana o'sha hovuz yonidan o'tib qolibdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, haligi ko'zi ojiz bola bir o'zi hovuzda cho'milar, qolgan bolalarni esa hovuzga yaqinlashtirmasdi. Cho'milmoqchi bo'lgan tengdoshlarini cho'ktirar yoki hovuzdan chiqib, bolalarni o'larcha kaltaklardi. Shunda Xizr alayhissalom: «Yo Alloh, sen fazling, marhamating va ne'matingni kimga berishni bilasan. Qaysidir ne'matni qaysidir bandangga bermasliging – bu sening o'sha bandaga rahm qilganingdan. Sen har bir narsani hikmat bilan qilasan. Alloh meni afv et. Boshqa insonlarni bu bolaning zulmidan o'zing asra!» – deb duo qilibdi». Aziz birodarim, qolaversa, bu Allohning sinovi, sabr qilsangiz, albatta, savobga ega bo'lasiz», – debdi.

Buni eshitib o'tirgan haligi kishi: «Domla, demak, Alloh har bir narsani hikmat bilan qilar ekan, qolaversa, Alloh menga rahm qilgan ekan-da. Unday bo'lsa, men sabr qilaman», – debdi. Ko'zlaridan esa duv-duv yoshlar oqardi. O'zini o'ldirish fikridan qaytib, Allohning qazoyu qadariga rozi bo'libdi.

Niginabonu Ahmedova

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here