Zulfiqor Musoqov: “Bosh vazir bilan uchrashuvda faqat notiqlarni eshitdim…” (Birinchi maqola)

0

Shu yil aprel oyida bir guruh kinoijodkorlar Bosh vazir Abdulla Aripovga murojaat yo'llaganidan xabaringiz bor. Shundan so'ng “endi buyog'i nima bo'larkan” deya voqealar rivojini intiq kutganlar ko'p bo'ldi. Va nihoyat oradan olti oy o'tgach, Bosh vazir o'sha murojaatda ko'tarilgan masalalar muhokamasi uchun mamlakatimiz kino mutaxassislari bilan uchrashdi…

Bu muloqot haqida deyarli barcha jurnalistu blogerlarimiz yozishdi. Turli mulohazayu xulosalar aytildi. Ammo uning asl tafsilotlari qanday? Bu haqda o'sha uchrashuvda bevosita qatnashgan taniqli kinorejissyor Zulfiqor Musoqov shunday yozadi:

“Har doimgiday, faqat o'zim guvohi bo'lgan faktlarni aytib, shaxsiy fikrlarimni bildiraman. Meni 27 oktyabr kuni “O'zbekkino”dan rasmiy taklif qilishdi. Uchrashuv 28 oktyabr ertalab soat 10:00 dan 13:35 gacha davom etdi.

Birinchi ko'rgan manzaram: Bosh vazirga yozilgan murojaatga imzo chekkan 109 kishidan biri, bosimlar dastidan kecha “O'zbekkino”dan ishdan ketgan (uchrashuv bo'lgan kuni u hali Agentlik xodimi edi) muharrir Feruza To'raxo'jayevaga “O'zbekkino” yuristi Bobir Muqaddamovning “Siz ro'yxatda yo'qsiz” degani bo'ldi. “Nimaga?” degan savolga Bobir “ro'yxatni Vazirlar Mahkamasi tayyorlagan, ular sizni ro'yxatdan chiqarishgan” dedi…

Keyin majlisda Bobirning o'zi o'tirganini ko'rib hayron bo'ldim: necha yillardan beri qator filmlarda muharrirlik qilgan kino fidoyisi Feruzaga topilmagan joy “O'zbekkino”ning oddiy yuristiga topilganiga…

Uchrashuv boshlanganida Bosh vazir menga nazar tashlab “Zulfiqor aka, Siz bilan gaplashgan edik, boshqalarning fikrini eshitaylik” dedilar. Butun majlisda faqatgina notiqlarni eshitdim. Barcha “do'st”larga eslatib qo'yay: hech qachon hech qanaqa kollektiv xatlarga imzo chekmaganman va har qanday guruhbozlikka toqatim yo'q.

Albatta, har bir ijodkor o'z madaniyati va tarbiyasidan kelib chiqib so'zladi. Lekin ba'zida yoqamni ushlashga majbur bo'ldim. Eng achinarlisi, yoshi ulug' kishilar oddiy insoniy odob va hurmat nimaligini esdan chiqarishgani…

Taniqli aktyor va rejissyor Isamat Ergashev so'zi avvalida “Shuhrat Rizayevning kasal bo'lgani yaxshi bo'libdi, kasallik unga yordam berdi!” deganiga hattoki Bosh vazir ham chiday olmadi va ularga tanbeh berdi…
Keyin Isamat aka “Kino — bu biznes!” degan fikrni yana takrorladi.

Yoshlari saksondan oshgan G'iyos Shermuhamedov esa elementar kasbiy etikani unutib, “At-Termiziy” filmini kurakda turmaydigan fisqu fasod gaplar bilan “tanqid” qilib, o'z biografiyasini ayta boshladi. Bu monolog 15 minut davom etdi…

Keyin… Aynan 109 nafar kinochilardan bir nechtasining samimiy fikrlarini eshitdim… Shu “At Termiziy” filmining muallifi Abduxalil Mengnorov aniq dalillar bilan “At-Termiziy” filmining xalqaro rezonansi haqida so'zladi.

Aprel oyidan beri bosim va tazyiqlarga uchragan yosh rejissyor Muzaffar Erkinov aniq faktlarni keltirdi: yolg'on va ig'vo izohlarni bergan troll bu aynan “O'zbekkino”ning yuristi Bobir Muqaddamov ekanligi o'z isbotini topgani haqida gapirdi.

Multiplikatsiya buguni va taqdiri haqida xalqaro miqyosdagi taniqli aktyor va rejissyor Nozim To'laxo'jayev yurakdan gapirdi. Men o'sha 109 kishini (ulardan ba'zilarini, sotqinlik qilib o'z imzosidan kechganlarni xudoga topshirdim) dardini tushunaman.

Ko'rgan va eshitganim shundan iborat. Bu voqea 28 oktyabr kuni sodir bo'ldi. Ammo…”

@platformauzb

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here