Shamol uchirib ketgan imtihon varaqasi

0

Jiddadagi qirol Abdulaziz universitetida o'quvchi bir yigit hikoya qiladi:

“Universitet imtihonlari yaqinlashib qolganda, dadam qattiq og'rib qoldilar. Boshlarida turib tuzuk tayyorlana olmadim. Imtihonga bir kun qolganida dadamning ahvoli og'irlashib, kasalxonaga olib ketdim. O'sha kechasi do'xtirlar tinchlantiruvchi ukollar berib, osma ukolga bog'lab qo'yishdi.

Qo'limda imtihonga tayyorlanish uchun olib kelgan, darslar xulosasi to'ldirilgan daftarni ushlagancha dadamning boshida o'tirar ekanman, ko'zim ketib qolibdi. Ertalab bomdodga yaqin uyg'ondim. Dadam o'zlariga kelib, ancha yengillab qolgan ekanlar.

– Dada, bugun birozdan so'ng imtihon topshiraman, duo qiling, – dedim.

Qo'llarini ko'tarib duo qildilar.

Ertalab universitetga ketdim. Imtihonga kirdim. Imtihon varaqasini ko'rib, savollarni o'qib, tarvuzim qo'ltig'imdan tushdi. Dars paytida yaxshi o'zlashtirgan mavzularni ham dadam xasta bo'lgan oxirgi kunlardagi tashvishim, asabiylashishim tufayli unutgandek edim. Boshimni changallab o'tirib, savollarga javob berishga harakat qildim. Vahimaning zo'ridan javobini bilgan savollar ham miyamda bir-biriga qorishib ketgan edi. Varaqada kelgan oltmish savolning anchasiga xato yozib chiqdim. Bergan javoblarimni kitoblarda kelgan ma'lumotlarga solishtirib, tamoman umidim uzildi. Yiqilishim aniq edi.

Bir-ikki kundan so'ng imtihon natijalari e'lon qilindi. Hamma devorda osilgan ro'yxatga chopdi. Istar-istamas bordim. Ro'yxatdan ismimni izlar ekanman, ismimdan ko'ra hammanikidan ajralib turgan natijaga ko'zim tushdi. Menga to'liq baho qo'yilgan edi! Ko'zlarimga ishonmadim. Ko'zimni ishqalab yana qayta qaradim. Baho to'liq qo'yilgan. Bunga shubha yo'q edi. Endi xayolimga boshqa ehtimol keldi: “Ustoz yanglishibdi… boshqaning bahosini menga qo'yib yuboribdi”.

Ustozdan haqiqatni so'rab bilish uchun uning xonasiga kirdim.

– Kel, – dedi u. – Nima xizmat?

– Domla, imtihon natijasining anig'ini bilish uchun kirdim, – dedim. – Menga aniq necha baho qo'yilgan?

– Isming nima edi?

– Faysal.

– Xo'sh… – dedi u ro'yxatni ko'zdan kechirib. – Sen to'liq baho olibsan, xotirjam bo'l.

– Imtihon varaqamni ko'ra olamanmi? – dedim men.

– Bilasanmi, – dedi u peshonasini bir qashlab olib. – Imtihon varaqalarini uy balkonida tekshirayotgan edim. Shamol qo'zg'alib, varaqalardan birini uchirib ketdi. Farzandlar bilan qancha izlasak ham topa olmadik. Studentlar ro'yxatini tekshirib, varaqa senga oidligini o'rgandim. Senga zulm bo'lmasin deya eng yuqori bahoni qo'ydim.

Men unga boshimdan o'tgan voqeani ro'yi-rost hammasini aytib berdim.

– Unda buni dadangga qilgan xizmating evaziga berilgan Alloh in'omi deb bil. Shu zaylda xizmatda davom et, kam bo'lmaysan, – dedi ustoz.

Sayfulloh Nosir

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here