«Tubanlik» filmidagi Dilroz — aktrisa Ziyoda Xudoyqulova nega kinoni tark etdi? (foto)

0

Yosh aktrisa Ziyoda Xudoyqulova «Tubanlik» hamda «Kuzda gullagan daraxt» filmidagi roli orqali tomoshabinlar e'tiborini qozongan. Aktrisa Shahzodaning «Shunchaki» hamda «Men o'sha», Oybek va Nigoraning «Xavotirdaman» kliplarida ham o'ziga xos obrazlar yaratgan. Ammo u negadir ijodini davom ettirishni istamadi. Jurnalist Nargiza Murodova kino san'atini tark etishga qaror qilgan aktrisa bilan suhbatlashdi, deb yozmoqda “Daryo.uz”.

— Nega aktrisalik faoliyatingizni davom ettirmadingiz?

— Ochig'ini aytsam, men aktrisa bo'lishni orzu qilmaganman. Kichik tasodif sabab kino olamiga kirib qolgandim. Asli stomatologiya sohasida tahsil olganman. Tanish dugonalarimdan biri reklama suratga olinayotgani haqida aytib, meni ham taklif etdi. «O'zbekkino»dagi fotostudiyada suratga tushdik. Tasodifni qarangki, oradan ancha vaqt o'tib, menga «Tubanlik» filmining ijodkorlari qo'ng'iroq qilib, kastingga taklif etishdi. Rosti, bunday baxtni ko'pchilik qizlar orzu qilishadi. Ammo men ikkilanish bilan kastingda ishtirok etdim. Rejissyor Hilol Nasimov onam bilan suhbatlashib: «Qizingiz Lola Eltoyevaga o'xshar ekan. Uning ko'zlarida ma'no bor», dedi. Ssenariyda voqealarni o'qib, qo'rqib ketdim, oila a'zolarim ham rozi bo'lishmadi. Shunda Hilol aka: «Odamlarga o'rnak bo'lishi uchun shu filmni suratga olyapmiz. Bu davlat filmi, yengil-elpi kartina emas», dedi. Shundan keyin filmda suratga tushdim.

— O'zingiz istamagan ishni qilishga qiynalmadingizmi?

— Hech bir ish qiyinchiliksiz bo'lmaydi. Rolni ijro etishda ko'proq ijodiy jamoaga suyandim. Undan keyin ham bir nechta film va seriallarga takliflar bo'ldi. Ammo professional aktrisa bo'lmaganim va mish-mishlarga toqatim yo'qligi uchun ularni rad etdim. Faqatgina Alisher Uzoqovning «Kuzda gullagan daraxt» filmida suratga tushishga rozi bo'ldim. Sababi Alisher aka bir necha bor: «Bu ssenariy siz uchun yozilgan», deganlaridan keyin rad etishni istamadim.

— Turmush o'rtoq tanlash hayotdagi eng nozik va mas'uliyatli ish hisoblanadi. Rustamjonning qaysi jihatlari ko'proq e'tiboringizni tortdi?

— Rashkchiliklari. Turmush o'rtog'im san'at sohasida tahsil olgan bo'lsa-da, ilk tanishgan kunimizda «Ayolimning san'atkor bo'lishini istamayman!» dedi. Men ham kinodagi faoliyatimga yakun yasab, farmatsevtika firmasida faoliyat yuritayotgan edim. Turmush o'rtog'im mard, ko'ngli toza inson.

— Qaysi aktrisalarga havas qilasiz?

— Ayol qaysi sohada ishlashidan qat'iy, nazar oilada oddiy beka va ona bo'lib qolishi kerak. Ko'chada obro'-e'tiborga ega bo'lsa-yu, oilasidagi muhit unchalik yaxshi bo'lmasa, uni ideal ayol deyolmayman. Aktrisalar orasida ham oilasiga sodiq, havas qilsa arzigulik onalar juda ko'p. Aynan menga Lola Eltoyeva va Dilnoza Kubayevalarning insoniyligi, ish va oila yumushlarini birdek uddalay olishini hurmat qilaman.

— Sizning idealingizdagi beka kim? Bekalik borasida kimdan maslahat so'raysiz?

— Tan olaman, bekalikda bilmaganlarim bisyor. Bu borada, albatta, ikki onamning ko'maklariga suyanaman.

— Kun kelib sizni ajoyib filmga taklif etishsa, suratga tushish haqida o'ylab ko'rarmidingiz?

— Bilasizmi, ba'zi aktrisalar o'nlab yoki yuzlab filmlarda suratga tushishadi. Men esa bor-yo'g'i ikkita filmda suratga tushib, tomoshabinlar e'tiborini tortdim. Menimcha, bu ham bir baxt bo'lsa kerak. Ammo yakunlangan sahifani qaytadan ochishni istamayman. Men hayotda turmush o'rtog'im istaganlaridek mashhur emas, oddiy ayol bo'lib yashashni istayman.

— Kamera oldida kechgan damlaringizni sog'inasizmi?

— Yo'q, eslamayman ham.

— Hijobga kirib, san'atdan voz kechganingiz rostmi?

— Yo'q, turmushga chiqmasdan avval san'atdan ketishim kerakligini anglaganman. Haq yo'lini esa oila qurgandan keyin tanladim.

— Ayni kunlarda nimalar bilan bandsiz?

— Homiladorligim sabab uy bekasi bo'lib o'tiribman (kulib). Onalikka tayyorlanyapman desam ham, mubolag'a bo'lmaydi.

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here