O'zbekistonda «Amerikaga darcha» ochilmoqda

0

Qashqadaryoning Qarshi shahrida birinchi «Amerikaga darcha» («American Window») markazi qurilmoqda. O'zbekistonda bu turda ochilayotgan ilk markaz sanalgan ma'rifat maskani 2021 yil boshida foydalanishga topshiriladi.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko'ra, Xalqaro ta'lim bo'yicha Amerika Kengashlari (American Councils) tomonidan boshqariladigan, 230 kvadrat metr maydonni egallovchi ushbu maskan Markaziy Osiyoda eng katta bo'lishi kutilmoqda. Ma'rifat maskani kompyuter laboratoriyasi, kutubxona, anjumanlar zali va «Education USA» sinflarini o'z ichiga oladi. Markazning butun maydoni zamonaviy shisha devorlarga va Amerika uslubidagi dizaynga ega bo'ladi.

Ma'rifat maskanlarida, shuningdek, amerikalik mutaxassislar ishtirokida ma'ruzalar, suhbatlar hamda ingliz tilida filmlar namoyishi tashkil etiladi. Bundan tashqari, «Amerikaga darcha» maskanlarida AQShda bakalavriat va magistratura dasturlarida o'qishni istagan nomzodlarga bepul maslahat xizmatini ko'rsatadigan Education USA markazi faoliyat yuritadi.

American Councils xalqaro ta'lim, akademik almashinuv va chet elda til muhitini targ'ib qilish bo'yicha yetakchi bo'lib, akademik, kasbiy va madaniy almashinuv, tillarni o'rgatish, ta'limni rivojlantirish va tadqiqotlarning mukammalligi orqali xalqaro aloqalarni va o'zaro tushunishni mustahkamlash uchun xizmat qiladi.

Eslatib o'tamiz, American Councils 2018 yilda Toshkentdagi vakolatxonasini qayta ochdi va hozirda Kelajak yetakchilar almashinuvi dasturi (FLEX), Ingliz tilida so'zlashuvchi millat: O'rta maktab o'qituvchilarining malakasini oshirish (ESN: STT) tashabbusi, O'zbekiston biznes rahbarlari almashinuvi dasturi va Markaziy Osiyo universitetlari bilan hamkorlik (UNiCEN) kabi 13 xil dastur portfelini boshqaradi.

Avval xabar berganimizdek, o'zaro kelishuvga muvofiq AQSh hukumati mamlakatimiz ta'lim tizimini kelgusi besh yil davomida qo'llab-quvvatlash uchun 50 million dollar mablag' ajratdi.

O'tgan yilning oktyabr oyida esa O'zbekistonda ilk bor «Education USA» ko'rgazmasi o'tkazildi.

«Men AQSh elchisi sifatida xalqlarimiz o'rtasidagi robitalarni yanada mustahkamlash tarafdoriman. Bu borada esa ta'lim eng samarali vosita ekaniga ishonchim komil», – degan edi elchi Deniel Rozenblyum ko'rgazma ochilishida.

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here