Senga jannat naqd

0

Bir kishi mast bo'lib, ariqqa ag'anab tushdi-yu, o'rnidan qaytib turmadi. Juma kuni tongi edi, ko'pchilik hayron qoldi – aroqxo'r odam ham muborak juma kuni o'lar ekan-da? Mulla ijirg'anib janoza namozini o'qiganidan so'ng ahli jamoaga qarab:
– Bu inson orqasidan yomon gapirish bizga farz emas, ammo ibrat bo'lishi uchun biz uni qo'shni qishloqdagi eski qabristonga ko'mamiz. Bizning qabristonda hoji boboyu momolar yotibdi, ularning orasiga boshdan-oyoq gunohga botgan kimsani qo'ysak o'tganlarning qarg'ishiga qolamiz.

Odatda, tobutga hamma yopishardi. Ammo aroqxo'rning tobutiga hech kim yopishmadi. Ular tobutni ko'tarishda savob yo'q, deyishdi, shekilli. Tobutni o'lgan kishining to'rtta ulfati yelkalab ketdi. Ular marhumni ulug'lar edilar. Qo'shni qishloqdan o'tishdan to'satdan tobut ichidan ovoz keldi.
– Falonchi qishloqdan o'tayapmizmi, og'aynilar?

To'rt kishi dong qotib qoldi. Shunda bir chol keldi. U oppoq kiyinib, boshiga oq salla o'rab olgandi.
– Nimaga to'xtadinglar?
– Marhum gapirdi.
Chol kafanni ochgandi, o'lgan kishi atrofga alanglab boyagi savolini qaytardi.
– Falonchi qishloqdan o'tayapmizmi?
– Ha.
– Bir soat vaqtlaringni olsam. Go'rga kechgacha boramiz-da. Shu qishloqda bir xasta singlim bor, holidan xabar olay. Har ikki kunda xabar olib turardim. Bugun kelishim kerak edi, o'lib qoldim.

Chol jilmaydi.
– Men odam suratidagi Azroilman. O'rningdan tur-da, singlingning uyiga bor. Keyin uyingga jo'na. Istaganingcha yasha. Senga jannat naqd.

To'rt kishi choldan so'radilar.
– Jannat naqdmi?
– Ha. Singlisining holidan xabar olib turgan kishiga xudo jannatni naqd qilib qo'yibdi, u kim bo'lishidan qa'ti nazar…

 

 

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here