Bosmachilar aslida kimlar?

0

Bosmachilik — Turkistonda sovet hokimiyati va bosqinchi qizil armiyaga qarshi olib borilgan qurolli harakatga sho'ro hukumati davrida berilgan rasmiy nom. “Bosmachi” so'zi aslida turkiy “bosmoq” (hujum qilmoq) fe'lidan yasalgan. Xalq o'rtasida “bosmachi” deb harbiy birlikka aloqasi bo'lmagan jinoyatchi unsurlar, o'g'ri va bezorilar tushunilgan. Shuningdek, birovlarning yurtini bosib olgan bosqinchilarni ham “bosmachilar” deyish mantiqan to'g'ri keladi.

1918 yilning boshidan 1919 yil o'rtalarigacha bo'lgan arxiv hujjatlarida “bosmachi” so'zi uchramasdan, uning o'rniga “qaroqchi”, “bosqinchi”  iboralari qo'llanilgan. 1919 yilning o'rtalaridan boshlab avval vaqtli matbuotda, so'ngra rasmiy hujjatlarda “bosmachi” va “bosmachilik” iboralari keng ishlatilgan. Bu iboralar milliy ozodlik harakatining mohiyatini soxtalashtirish, ajdodlarimizning sovet rejimi va  bolsheviklar hukmronligi hamda qizil armiyaning bosqinchilik siyosatiga qarshi olib borgan qurolli kurashlarini niqoblash uchun buyuk davlat shovinistlari tomonidan o'ylab topilgan hamda “banditlik”, “qaroqchilik” degan so'zlar bilan asossiz ravishda bir qatorga qo'yilgan.

Sho'rolar davrida sovetlarga qarshi qo'zg'olonchilik harakati rasmiy hujjatlarda bosqinchilar to'dasi sifatida tavsiflangan va “bosmachilik” degan tamg'a olgan. O'rta Osiyo davlatlarida esa bu milliy ozodlik harakati degan nom olgan. Farg'ona vodiysidagi qarshilik ko'rsatish yetakchisi Madaminbek hali yosh bo'lishiga qaramay harbiy sarkardalik iste'dodini namoyish etib, o'z oldiga “sovet hokimiyatini ag'darish” va Farg'ona muxtoriyatini tiklash vazifasini qo'ygan. 1919 yil o'rtalariga kelib yigitlarining soni 25 ming kishidan oshgan. Ular Pomirning Ergashtom ovulida muvaqqat hukumat tuzishadi va Madaminbek hukumat boshlig'i etib saylanadi. To'rtta yirik qo'rboshi—Madaminbek, Katta Ergash, Shermuhammadbek va Xolxo'ja eshonlar birlashib islom qo'shinlarini tashkil etishadi, Madaminbek “Amir al-muslimin” deb tan olinadi.

Farg'ona vodiysidagi isyonchilik harakati 1916 yildagi mustamlakachilarga qarshi qo'zg'olon vaqtida vujudga kelgan. Dastlab har xil va mahalliy ko'rinishda bo'lgan harakat asta-sekin siyosiy jihatdan shakllana bordi va 1919 yili Madaminbek boshchiligida nisbiy birdamlikka erishdi, ammo u bolsheviklar bilan bitim tuzib, sirli o'lim topgach, yana tanazzulga yuz tuta boshlagan. Sovet kuchlari 1920 yildan boshlab ularga sezilarli zarbalar bera boshlaydi, ko'plab ozodlik kurashchilari janglarda halok bo'ladi. Shundan so'ng Madaminbek ular bilan sulh tuzib 1200 nafar yigiti bilan qurollarini topshiradi.

1920–1923 yillarda ko'p harbiy qurbonlar berib, barham topgan. Farg'onaning katta ta'sir kuchiga ega so'nggi qo'rboshisi Ko'r Shermat (Shermuhammad) Sharqiy Buxoroga, so'ngra Afg'onistonga o'tib ketgan, uning o'sha yoqdan ko'p yillar – XX asrning 40-yillariga qadar O'rta Osiyodagi qarshilik harakatining maxfiy tarmog'ini borday qilib ko'rsatishga urinishlari besamar ketgan. Asosan Farg'ona, Buxoro va Xivada kechgan qarshilik ko'rsatish harakati moddiy-ta'minot bazasi va qurol-yarog' yetishmaganligi, shuningdek, qo'rboshilarning yagona g'oya ostida birlasha olmaganliklari va nihoyat, oddiy aholining dastlab ular haqida shakllangan salbiy munosabati tufayli muvaffaqiyatsiz tugagan.

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here