Kim Kardashyanni sudga berishdi

0

Amerikalik bir guruh sarmoyadorlar aktrisa Kim Kardashyan, bokschi Floyd Meyvezer kichik va basketbolchi Pol Pirsni sudga berishdi. Ular ko'pchilikka yaxshi tanish bo'lmagan «EthereumMax» deb ataluvchi kriptovalyutani targ'ib qilish bilan bog'liq firibgarlikda ayblanmoqda.

Da'vo xati Los-Anjeles federal sudiga taqdim etilgan. Unda «EthereumMax» kompaniyasi va uning taniqli promouterlarini tokenning narxini sun'iy ravishda, “yolg'on va fikrni chalg'ituvchi bayonotlar” bilan oshirishda ayblashmoqda.

Kim Kardashyan kriptovalyutani o'tgan yili o'zining Istagram'dagi sahifasida reklama qilgan. Buning uchun taniqli yulduz kompaniyadan qancha pul olgani ma'lum emas, ammo ekspertlar uning sahifasidagi bitta reklama posti narxi 500 ming dollardan 1 million dollargacha ekanligini aytishadi.

Reklamaga taniqli yulduzlarning jalb etilishi ko'plab sarmoyadorlarni yangi kriptovalyutaga pul tikishga undagan va ular oxir-oqibatda katta daromad yo'qotishgan. Da'vogarlar tokenlarni o'tgan yilning may va iyun oylarida sotib olishgan, oradan ko'p o'tmay valyutaning qiymati keskin tushib ketgan.

O'sha vaqtdan beri «EthereumMax» o'z qiymatining 97 foizini yo'qotgan. Endilikda sarmoyadorlar kompaniyadan zararni qoplab berishni talab qilishmoqda.

Da'vo xatida kriptovalyutaning nomi «Ethereum» – dunyodagi eng mashhur kriptovalyutalardan birining nomiga o'xshash ekani, bu ham odamlarni chalg'itishi ta'kidlangan.

Kim Kardashyanning o'zi ayblovlarga hech qanday munosabat bildirmagan. Ammo, uning ko'rsatma berish uchun sudga chaqirilgani aniqlangan.

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here